Qaylargadir yozgan edim ismingni sening,
Qayerlarga... keyin uzoq o'zim qidirdim.
Ko'p tingladim jilg'alarning sho'x kulgusini,
Endi kurtak ochayotgan bog'larga kirdim.

"Sor burgut-ey, shiddatingga shiddat ulansin,
Senga yozganmidim", desam dilimni dog'lab.
U der: "Yo'q, yo'q, eslolmayman, uning nomin sen
Qanotimga yozganing yo'q",- ketar uzoqlab.

Tolmabo'yin oqqushlarni tutaman so'zga:
"Balki sizga yozganman men", - ahvolim ko'rib,
Oqqushlar der: "Eslab ko'rgin, yozmading bizga
Qayga yozsang yozgansan sen parishon turib".

Daryolarga savol tashlab xuddiki qarmoq,
O'ylab kutib, javob olmay topmadim izin.
Yerga aytsam, yer aytdiki: "Tishlama barmoq,
O'chmas qilib yozgandingmi nomini o'zi?!"

Shunda-shunda sergak tortib men bo'ldim tamom,
Yog'ayotgan sust qorlarga yozgandim seni.
To'kilguday chayqalganda ko'nglimdagi jom,
Ko'nglimdagi ozorlarga yozgandim seni.

Yozib ketdim, yo'l-yo'lakay nigohim tushib,
Yot dillarning tasodifiy yor-yorlariga.
Bir beparvo sho'xlik bilan yozdim qizishib,
Bu dunyoning ur-sur, gavjum bozorlariga.

Endi, endi bari abas, bersam hamki tan,
Ba'zan ko'ngil tag'in seni yo'qlasa bo'zlab,
Qori erib ketgan yerdan izlab qolaman,
Tarqab ketgan bozorlardan qolaman izlab...

Qaylargadir yozgan edim ismingni sening.









